Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududi orqali tranzit oʻtishni kirish vizasi asosida amalga oshiradilar. Agar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan vizasiz rejim joriy etilgan boʻlsa, ushbu shaxslar vizasiz tartibda kirish huquqiga ega boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasiga vizalar Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan tasdiqnoma, yaʼni teleks-kod asosida rasmiylashtiriladi. Teleks-kod Tashqi ishlar vazirligiga manfaatdor tashkilot tomonidan a taqdim etilgan viza taklifnomalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi natijalariga koʻra beriladi.
Xususiy viza taklifnomalari boʻyicha arizalar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududiy idoralari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Chet el fuqarosiga viza rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
1. https://visa.mfa.uz/ rasmiy veb-sayti orqali toʻldirilgan viza anketa nusxasi (xususiy takliflar uchun O'zbekiston Ichki ishlar idoralaridan berilgan taklifnoma nusxasi).
2. Viza oluvchining pasporti asli hamda uning nusxasi.
3. Teleks-kod.
4. Konsullik yig‘imi to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
5. Haydovchilik guvohnomasi hamda transport vositasining texnik pasporti nusxalari (haydovchilar uchun).
*** Konsullik yig‘imi miqdori vizaning amal qilish muddati, kirishlar soni hamda viza rasmiylashtirishning shoshilinchlik darajasiga muvofiq belgilanadi.