Xorijdagi Oʼzbekiston fuqarolari uchun konsullik xizmatlari mobil ilovasi ishga tushirildi.
Xorijda istiqomat qilayotgan yoki chet elga safar qilishni rejalashtirayotgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari diqqatiga!
Fuqarolarga konsullik masalalarini tezkor va masofaviy tarzda hal etishda qulaylik yaratish, shuningdek, zarur maʼlumotlarni toʼgʼridan-toʼgʼri mobil qurilma orqali taqdim etish maqsadida rasmiy mobil ilova ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Zamonaviy raqamli yechimlarni oʼzida mujassam etgan ushbu ilova quyidagi asosiy vazifalar va imkoniyatlarni taqdim etadi:
* Diplomatik vakolatxonalar geolokatsiyasi va kontaktlari: Oʼzbekiston Respublikasining chet ellardagi barcha elchixonalari va konsullik muassasalarining aniq manzillari, xaritadagi geolokatsiyasi (joylashuvi) hamda toʼliq aloqa maʼlumotlari bir tizimga jamlangan. Shuningdek, ilovada «Konsullik okruglari»ni tekshirish funktsiyasi mavjud boʼlib, u orqali qaysi zagranmuassasa siz turgan mamlakat yoki hududga masʼul ekanligini osongina aniqlash mumkin.
* Masofaviy konsullik xizmatlari: Hozirgi vaqtda fuqarolar ilova orqali quyidagi muhim konsullik xizmatlari uchun masofaviy tarzda ariza topshirishlari mumkin: — Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish; — Vaqtinchalik va doimiy konsullik hisobiga turish. *(Izoh: Kelgusida koʼrsatiladigan konsullik xizmatlari roʼyxati bosqichma-bosqich kengaytiriladi).*
* Аnketalarni avtomatik toʼldirish tizimi: Konsullik xizmatlaridan foydalanish jarayonini soddalashtirish maqsadida ariza va anketalarni toʼldirishda yangi texnik imkoniyat joriy etildi. Tizim soʼrovnomalardagi asosiy majburiy maydonlarning taxminan 80 foizini avtomatik tarzda toʼldirish imkoniyatini beradi, bu esa fuqarolarning vaqtini sezilarli darajada tejaydi.
* Viza talablari toʼgʼrisida maʼlumotnoma (test rejimida): Ilovada Oʼzbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlarga kirish vizalari talablari aks ettirilgan maxsus axborot boʼlimi tashkil etilgan. Аyni paytda ushbu boʼlim *test rejimida* ishlamoqda va maʼlumotlar bazasi muntazam ravishda toʼldirib borilmoqda. Ilovadan foydalanish mutlaqo bepul boʼlib, uni quyidagi rasmiy havolalar orqali yuklab olishingiz mumkin:
Google Play (Android):
https://play.google.com/store/apps/details?id=consular_services_uzb.org&hl=ru
App Store (iOS):
https://apps.apple.com/us/developer/mfa-uz/id1818537775
* Xorijdagi vaqtingizni tejang va konsullik xizmatlaridan zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida xavfsiz hamda qulay tarzda foydalaning.